Garvard universiteti bilan hamkorlikda yurtimizda Tibbiy genetika markazi ochiladi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiyaning AQShga xizmat safari davom etmoqda.

Vakillarimiz dastlabki muloqotni dunyoning eng nufuzli va qadimiy oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblangan Garvard universiteti rahbariyati bilan o‘tkazdi.

Aytish joizki, Massachusets shtatida joylashgan mazkur muassasaga 1636 yilda asos solingan. Bu yerda 21 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Xususan, universitetning Boston shahridagi Garvard tibbiyot maktabida sog‘liqni saqlash sohasining deyarli barcha yo‘nalishlari uchun mutaxassislar tayyorlanadi.

Ushbu muassasa bitiruvchilari orasidan 75 nafar Nobel mukofoti sovrindori, AQShning 8 nafar prezidenti chiqqan.

Uchrashuvda mazkur universitet bilan keng ko‘lamli hamkorlik bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Garvard genomika markazi bilan tibbiy-genetika sohasidagi kelishuv yurtimizda ushbu yo‘nalishni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish uchun muhim asos bo‘ldi.

Aytish kerak, mazkur hamkorlik yurtimizda tibbiy genetika bo‘yicha markaz tashkil etish, uni eng so‘nggi va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, AQSh universitetida o‘zbekistonlik mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimi rahbar kadrlarini o‘qitish, tibbiy genetika mutaxassislari malakasini oshirib, ulardan trenerlar tayyorlash, ta’lim bo‘yicha Garvard universiteti bilan yurtimizdagi sohaga daxldor oliy o‘quv yurtlari, ixtisoslashgan markazlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilmiy aloqalarni kengaytirish rejalashtirildi.

Binobarin, O‘zbekistonda tashkil etiladigan Tibbiy genetika markazining arxitekturasi, dizayni, strategiya va konsepsiyasini birgalikda ishlab chiqish masalasi muhokama etildi.

O‘z navbatida, hamkorlarimiz Toshkent tibbiyot akademiyasining Biotexnologiyalar markazi tarkibidagi genetik ilmiy laboratoriya bazasida o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga rozilik bildirdi.